Ommaviy postlarni qidirish, hikoyalar albomlari, hadya kolleksiyalari va boshqalar

Asl eʼlonni ingliz tilida oʻqish
Ommaviy postlarni qidirish, hikoya albomlari, hadya kolleksiyalari va boshqalar

Bugungi yangilanishda Telegramda ommaviy postlarni global qidirish, hikoyalarni albomlarga saralash va hadyalarni kolleksiyalarga tartiblash, yangi zamonaviy mini ilova orqali botlarni boshqarish va boshqa ko‘plab funksiyalar taqdim etiladi.

Ommaviy postlarni qidirish

Qidiruvda endi “Postlar” sahifasi mavjud boʻlib, bu yerda ommaviy kanallardan tegishli natijalarni koʻrishingiz mumkin. Bu esa muayyan axborotlarni topishni va turli manbalarni bir tezkor interfeysda koʻrib chiqishni yanada osonlashtiradi.

Postlarni qidirish funksiyasidan dastlab Telegramni butun dunyo boʻylab bir milliarddan ortiq foydalanuvchi uchun bepul, tez va xavfsiz saqlashga yordam beradigan Telegram Premium foydalanuvchilari foydalana oladi.

Hikoyalar albomlari

Endi sevimli sayohat hikoyalari, uy hayvonlari suratlari va boshqalarni profildagi hikoyalar albomlariga birlashtirish mumkin — masalan, sarguzashtlar va sevimli memlar toʻplamlarini yaratish uchun.

Bizneslar va kontent yaratuvchilari oʻz kanallarida hikoyalar joylashda albomlardan foydalanib, mijozlar uchun mahsulotlarni namoyish qilishi yoki kontentni pleylistlarga guruhlashi mumkin.

Hikoyalarni albomga qoʻshish uchun profilingiz yoki kanalingizdagi “Postlar” rukniga kiring va “Albom qoʻshish” tugmasini bosing.

Hadya kolleksiyalari

Endi siz profil yoki kanalingizdagi hadyalarni mavzu, noyoblik yoki boshqa har qanday xususiyatga asoslangan holda maxsus kolleksiyalarga birlashtirishingiz mumkin.

Bir xil hadya bir nechta kolleksiyada paydo boʻlishi mumkin, bu esa cheksiz kombinatsiyalar yaratish imkonini beradi. Kolleksiyalar oson koʻrib chiqish uchun filtrlar bo‘yicha saralashni ham qoʻllab-quvvatlaydi.

Hadyalarni kolleksiyaga qoʻshish uchun profilingizda yoki kanalda “Hadyalar” sahifasini oching, biror hadyani tanlang va “Kolleksiyaga qoʻshish” tugmasini bosing.

Profil reytingi

Endi Telegram profillarida foydalanuvchining Telegram Yulduzlar bilan amalga oshirgan muvaffaqiyatli tranzaksiyalar hajmi asosida raqamli reyting koʻrsatilgan nishon paydo boʻladi.

Bu sizning Telegram darajangizni bildiradi va kanal egalariga Tavsiya etilgan postlar va boshqa soʻrovlarda sizga ishonish mumkinligini koʻrsatadi.

Hadyalar xarid qilish, pulli xabarlar yuborish va tavsiya etilgan postlarni Yulduzlar bilan moliyalashtirish reytingingizni oshiradi. Lekin agar siz Yulduz xaridlari pulini qaytarsangiz yoki hadyalarni Yulduzlarga aylantirsangiz, reytingingiz pasayadi.

Premium hadyalar

Telegram hadyalari juda mashhur boʻlib, yangi chiqarilganlari bir necha daqiqada sotib tugatiladi. Hadyalarni har doim hadya marketpleysida boshqalardan xarid qilish mumkin boʻlsa-da, biz koʻproq odamlar hadyalarni aynan chiqarilish paytida olishini istaymiz.

Tez orada siz faqat Telegram Premium foydalanuvchilari uchun mavjud boʻlgan yangi turdagi hadyani koʻrishingiz mumkin va har bir kishi uni faqat cheklangan miqdorda xarid qila oladi. Yangiliklarni kuzatib boring!

Premium hadyalar

Telegram hadyalarining aksariyatini hali ham barcha foydalanuvchilar xarid qilishi mumkin — faqat muayyan kolleksiyadagi cheklangan nashrdagi hadyalarni xarid qilish uchun Premium talab qilinadi.

BotFather mini ilovasi

Telegram botlar va mini ilovalar dasturchilari endi ularni botlar yaratishdan tortib, sozlamalar, belgilar va tavsiflarni yangilashgacha yangi @BotFather mini ilovasida boshqarishi mumkin.

Istalgan dasturchi butun ekran rejimi, obunalar, asosiy ekran yorliqlari, geolokatsiya, harakatni kuzatish va boshqa koʻplab funksiyalarni qoʻllab-quvvatlaydigan kuchli mini ilovalar yaratishi mumkin.

Xizmatlar va oʻyinlarni 1 milliarddan ortiq Telegram foydalanuvchisi uchun yaratmoqchimisiz? Bu yerdan boshlang.

Buguncha shular — lekin tez orada yangiliklar kolleksiyasi (yoki albomi?) bilan qaytamiz.


2025-yil 31-iyul
Telegram jamoasi